Rustam Shoabdurahmonov BO‘SM va IBO‘SM mutasaddilari bilan uchrashdi
Ma’lumki, Bolalar-o‘smirlar sport maktabi (BO‘SM) hamda Ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari (IBO‘SM) terma jamoalarimizga kuchli zaxira vakillarini yetkazib beruvchi, yoshlarimizning muntazam jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlarini ta’minlab turuvchi maskanlar hisoblanadi. MOQ rahbari bugun poytaxtimizdagi ana shunday dargoh mutasaddilari bilan uchrashdi.
Uchrashuv Olmazor tumanidagi maktablardan birida o‘tdi. Unda, shuningdek, Turizm va sport vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi vakillari, BO‘SM va IBO‘SM rahbariyati, MOQ xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda MOQ rahbari ushbu bo‘g‘in oliy sportda erishiladigan ulkan yutuqlarimizning asosiy tayanchlaridan biri ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.
“Hurmatli Prezidentimiz ilgari surayotgan ommaviy sport targ‘ibotining asosi Sizlardan boshlanadi. Yuqori natijalarga erishishni maqsad qilayotgan ekanmiz, barcha bo‘g‘inlar birgalikda tizimli ishga tushishini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Oldimizda turgan Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng o‘tadigan kompleks musobaqalarga yoshlarimizni hozirdan tayyorlab borishimiz kerak. Bu bo‘yicha barcha federatsiyalarimiz bilan yangi strategiyalarni muhokama qilib chiqyapmiz. Ha, sohada qator muammolar mavjud. Ayniqsa, Olimpiya zaxiralari kollejlari, O‘zDJTSUda bu boradagi qabul masalasi shular jumlasidan. Barchasini birgalikda muhokama qilib, ularga yechim topamiz”, – dedi MOQ rahbari.
Suhbat davomida “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga quriladigan yangi ob’ektlardan unumli foydalanish, sport ommaviyligini yanada targ‘ib qilish maqsadida ularni to‘g‘ri ishlatish kabi mavzularda fikrlar bildirildi. Shuningdek, MOQ rahbari yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida barchani faol ishtirok etishga chorlab qoldi.