13 Oktyabr 2021 1772

Xanchjou-2022, Parij-2024: Denis Istominni tarkibda yana ko‘ramizmi?

Terma jamoalarimizning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalariga qaratilgan yig‘ilishlar davom etmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri O‘zbekiston tennis federatsiyasi bilan o‘tkazildi. Uchrashuvni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov olib bordi. Unda, shuningdek, O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Iroda To‘laganova, terma jamoa murabbiylari va Qo‘mitaning mutasaddi vakillari ishtirok etishdi.

Shubhasiz, ko‘pchilikni yangi Olimpiada siklida ham Denis Istominning ishtirok etishi haqidagi savol qiziqtirgan. Bu borada Iroda To‘laganova shunday izoh berdi:

“Hozirda terma jamoamiz vakillaridan faqat 4 nafar tennischi: Denis Istomin, Humoyun Sultonov, Sanjar Fayziyev va Sergey Fomin ATR va Chellenjer tasnifiga kiruvchi musobaqalarda ishtirok eta oladi. Aynan ushbu musobaqalar orqali Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi reyting o‘rniga kirish mumkin. Ularning ortidan kelayotgan bir qator umidli yoshlarimiz bor, ammo ularning yuqori darajaga chiqishi uchun vaqt kerak”.

13-avgust kuni davlatimiz rahbari Olimpiyachilarimizni qabul qilar ekan, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga jamoaviy sport turlarida ham yo‘llanmalar qo‘lga kiritish bo‘yicha topshiriq bergan edi. O‘zbekiston basketbol federatsiyasi bilan o‘tgan suhbatda mazkur vazifani amalga oshirish yechimlari muhokama qilindi. Ma’lumki, basketbolning 2 yo‘nalishi Olimpiya o‘yinlariga kiritilgan. Suhbat davomida jamoalarimizning litsenzion musobaqaga tayyorgarligi uchun kerakli sharoitlarni yaratish, uzliksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil qilish kabi masalalar ko‘rildi.

Shuningdek, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi mutasaddilari shaxsiy yo‘nalishdan tashqari jamoaviy dasturda ham yo‘llanma qo‘lga kiritish asosiy maqsad ekanini ta’kidlashdi. Suhbatda bu borada ahamiyat qaratilishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha faktorlar muhokama qilindi. Qayd etish joiz, reglamentga ko‘ra, qilichbozlikda jamoaviy yo‘llanmaga ega bo‘lgan terma jamoalar shaxsiy dasturga ham bir vaqtning o‘zida 4 ta litsenziyaga ega bo‘lishadi.

Shuningdek, kuchli jamoa shakllantiryotgan O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi bilan ham qator istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Yig‘ilish davomida mutasaddilarga oldinga qo‘yilgan maqsadni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berilib, kamchiliklar ko‘rib chiqildi.

Text to speech