MOQ Saudiya Arabistonida muvaffaqiyatli ishtirok etgan og‘ir atletikachilarimizni qutlaydi
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar terma jamoamizni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgani bilan samimiy muborakbod etadi.
Ma’lumki, og‘ir atletika mamlakatimiz yoshlarining eng sevimli sport turlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Yoshlarimiz Ruslan Nurudinov, Akbar Jo‘rayev kabi Olimpiya o‘yinlari g‘olib va rekordchilariga havas qilib ushbu sport bilan shug‘ullanishmoqda. Jiddada o‘tgan musobaqa o‘zbek og‘ir atletikasining kelajagi porloq ekanini ko‘rsatib turibdi. Shubhasiz, bunda federatsiya mutasaddilari va murabbiylar shtabining mashaqqatli mehnati turganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Pahlavon yoshlarimiz 100 ga yaqin mamlakat vakillari orasida o‘z kuch va irodalarini namoyish etib, 4 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medallariga sazovor bo‘lishdi. Yigitlarimiz esa medallar jamg‘arish bo‘yicha jamoaviy hisobda faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Ayniqsa, Qurbonmurod Namozovning mutlaq chempionlikni qo‘lga kiritgani uni porloq kelajak kutayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasini o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, Prezidentimiz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning qudratini butun dunyoga namoyish etish yo‘lida kuch-g‘ayrat tilab qoladi.