Boks bo‘yicha Kuba terma jamoasi Toshkentga keldi
12-oktyabr erta tongda jahon boksida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Kuba terma jamoasi to‘liq tarkib bilan yurtimizga tashrif buyurdi.
Bundan ikki yil oldin MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov Kuba boks federatsiyasi prezidenti Alberto Puig bilan uchrashib, yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar o‘tkazgandi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, o‘sha 2019-yilning noyabr oyida O‘zbekiston terma jamoasi Kubada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari olib bordi. Endilikda mazkur kelishuvning mantiqiy davomi sifatida Kuba terma jamoasi O‘zbekistonda yurtimiz charm qo‘lqop ustalari bilan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazadi.
Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasi Toshkent viloyatining Yangiobod o‘quv bazasida yig‘in olib bormoqda. Bugun kubaliklar ham ushbu yig‘inga qo‘shilishadi va har ikki mamlakat bokschilari oldinda turgan jahon chempionatiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rishadi. Qayd etish lozimki, kubaliklarning Toshkentga kelgan tarkibida uch nafar Olimpiada chempioni ham bor.
Qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini 22-oktyabrga qadar davom etadi va o‘sha kuni har ikki terma jamoa Belgrad shahriga jo‘nab ketadi.