Boks xabarlari: Buxoroda mamlakat chempionati boshlandi, Sofiyada qizlarimiz oltita medal jamg‘arishdi
Bugun Buxoroda yoshlar o‘rtasida boks bo‘yicha mamlakat chempionati start oldi. Sofiyadagi xalqaro musobaqada qatnashgan qizlarimiz jamoamiz hisobiga 6 ta medal taqdim qilishdi.
Buxoro OZK mezbonlik qilayotgan musobaqada bugun tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov va federatsiya mutasaddilari, Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari Fazliddin G‘oibnazarov va Abbos Atoyev, shuningdek, bir qator jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Musobaqada Respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 400 nafarga yaqin yosh bokschilar 13 vazn toifasida bellashishmoqda. Reglamentga ko‘ra, chempionat 17 oktyabrga qadar davom etadi.
Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkazilgan “Balkan” musobaqasida esa qizlarimiz 1 ta kumush va 5 ta bronza medalini jamg‘arishdi. Vakillarimizdan Xadichabonu Abdullayeva (-66 kg) final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Yarim final bosqichiga yetib borgan Gulasal Sultonaliyeva (-48 kg), Marjona Savriyeva (-50 kg), Tursunoy Rahimova (-51 kg), Sitora Shagdarova (-54 kg) hamda Sohiba Ro‘zmetova (-75 kg) bronza medali bilan taqdirlandilar.