Yosh og‘ir atletikachi qizlarimizdan ajoyib natija
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatining ortda qolgan kuni qizlarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. -71 kg vazn toifasida ishtirok etgan Nigora Suvonova hamda Sevinchoy Komilova 4 ta medalga sazovor bo‘lishdi.
Dast ko‘tarish mashqida 92 kg natija ko‘rsatgan Suvonova o‘z hisobiga kumush medalni yozib qo‘ydi. Siltab ko‘tarish mashqida har ikkala vakilamiz shohsupaga ko‘tarildilar. Suvonova bu gal ham ikkinchi natijani qayd etgan bo‘lsa, Komilova bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Ikki kurash yakuni bo‘yicha Suvonova kumush medalni o‘ziniki qildi. Afsuski, bronza medali sohibasi bilan bir xil natija qayd etgan Komilova polshalik sportchidan keyin ushbu natijaga yetib kelgani uchun to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
O‘smirlar o‘rtasida JCh, Jidda.
Qizlar, -71 kg:
1. Zarina Gusalova (Rossiya) – 226 (103+123) kg;
2. Nigora Suvonova (O‘zbekiston) – 206 (92+114) kg;
3. Martina Dolega (Polsha) – 195 (88+107) kg;
4. Sevinchoy Komilova (O‘zbekiston) – 195 (84+111) kg.