9 Oktyabr 2021 1895

Rustam Shoabdurahmonov Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi vitse-prezidenti etib saylandi

Ma’lumki, bugun poytaxtimizda birinchi marta Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasining Bosh Assambleyasi o‘tkazildi. Unda MOQ rahbari, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov ushbu sport turida qit’amiz konfederatsiyasi rahbariyati tarkibidan joy oldi.

Kun tartibidagi asosiy masala tashkilotning yangi Olimpiada sikli uchun rahbariyatini qayta saylash bo‘ldi. Unga ko‘ra, BAA qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Shayx Salim Sulton Al Qosimi Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti etib saylandi.

Biz uchun ahamiyatlisi, vitse-prezidentlikka nomzodlar qatorida bo‘lgan Rustam Shoabdurahmonovni delegatlarning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa, yana bir nufuzli xalqaro tashkilot rahbariyati tarkibidan o‘zbekistonlik menejer joy olmoqda. Qayd etish joiz, Moskva-1980 Olimpiadasi sovrindori Sobir Ro‘ziyev ushbu konfederatsiya oilasi vakiliga aylangan bo‘lsa, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida ishlagan hakamimiz Aida Hasanova Konfederatsiyaning hakamlar, Ortiq Bo‘riyev esa texnik komissiya a’zoligiga qabul qilindi. Shubhasiz, bunday yangiliklar yurtimiz sporti rivojini xalqaro maydonga olib chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Bosh Assambleya davomida kun tartibiga muvofiq Konfederatsiyaning boshqa lavozimlari, jumladan, ajratilgan boshqa o‘rinlar uchun vitse-prezidentlar, Bosh kotib saylanib, Ijroiya qo‘mitasining tarkibi shakllantirib olindi.

Ma’lumot uchun, Rustam Shoabdurahmonov, shuningdek, Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti hisoblanadi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi tarkibiga kirgan barcha yurtdoshlarimizni yangi mas’uliyatli vazifa bilan muborakbod etib, kelgusi faoliyatlarida omad tilab qoladi.

Text to speech