8 Oktyabr 2021 1558

O‘zbekiston va BAA qilichbozlik federatsiyalari hamkorlik memorandumini imzolashdi

Ma’lum qilganimizdek, ertaga poytaxtimizda ilk bor Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasining (OQK) Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Hozirda ushbu tadbirda ishtirok etuvchi delegatlarning barchasi poytaxtimizga tashrif buyurdi. Bugun MOQ rahbari, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov BAA qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Shayx Salim Sultonni qabul qildi.

Ta’kidlash joiz, Shayx Salim Sulton OQK rahbarligiga ko‘rsatilgan ikki nomzoddan biri hisoblanadi. Rustam Shoabdurahmonov suhbatda mehmonga o‘zining iliq tilaklarini bildirib o‘tdi.

“Arab mintaqasi mamlakatlari bilan hamkorlikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, murabbiylar malakasini oshirish, tajriba almashish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni davom ettirish nafaqat biz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun juda muhim. Davlatimiz rahbari sportimizni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelganlar. Ma’lumki, mamlakatlarimiz o‘zaro mustahkam aloqalarni o‘rnatib bormoqda. Biz esa buni sport sohasidagi hamkorligimiz bilan rivojlantirishga harakat qilamiz”, – dedi MOQ rahbari.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston va BAA qilichbozlik federatsiyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. O‘z navbatida, Shayx Salim ham taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Men bu yerda do‘stlarim, yaqinlarim, qilichbozlik oilamiz bilan ekanman, o‘zimni ikkinchi uyimdagidek his qilaman. Siz ilgari surgan tashabbus bilan birgalikda katta natijalarni qo‘lga kiritishimizga ishonaman. Bu imzolangan hujjat qo‘ygan maqsadlarimiz sari dadil qadam tashlashimizda juda muhimdir. Darhaqiqat, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik endi boshlanayotgani yo‘q. Biz bir necha yillar avval boshlangan do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirmoqdamiz”, – dedi BAA qilichbozlik federatsiyasi rahbari.

Samimiy ruhda o‘tgan suhbatda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yangi rejalarni amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilindi. Tashrif davomida mehmonga MOQ binosi bo‘ylab kichik ekskursiya tashkil etildi. Bu bilan Shayx Salim Sulton o‘zbek sportining shonli tarixi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Imzolangan ushbu hamkorlik memorandumi esa Markaziy Osiyo va Arab mamlakatlarini sport olamida yanada birlashtiruvchi muhim hujjat bo‘ladi.

Text to speech