8 Oktyabr 2021 1743

Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi Bosh Assambleyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Ertaga poytaxtimizda Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasining navbatdagi Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Bugun ushbu tadbirga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasining ayni paytdagi rahbari Rusni Al Hassan, tadbirni kuzatish uchun tashrif buyurgan Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi vakili Velichka Xristeva hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

“Juda muhim tadbir oldida turibmiz. O‘zbekiston hukumatidan murakkab davrda bizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdormiz. Ertaga tashkilotimizning navbatdagi Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Unda Konfederatsiyaning 2024 yilgacha bo‘lgan davri uchun yangi rahbariyati aniqlab olinadi”, – dedi Rusni Al Hassan.

O‘z navbatida, Velichka Xristeva ham fikrlari bilan quyidagicha o‘rtoqlashdi:

“O‘zbekistonga beshinchi bor kelishim. Mamlakatingizga har kelganimda uning rivojlanib borayotganini ko‘rib turibman. Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Alisher Usmonov ushbu saylov shaffof bo‘lishi lozimligini ta’kidladi va hamkasblarimiz kuzatuvchilik uchun meni tanlashdi. O‘zbekiston mezbon sifatida barchasini a’lo darajada yo‘lga qo‘yganini ko‘rib turibman”.

Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, tashkilotning yangi Olimpiada sikli uchun rahbarligiga BAA va Singapur vakillari nomzodlik qilmoqda. Bosh Assambleya davomida tashkilot rahbarligidan tashqari vitse-prezidentlar va Ijroiya qo‘mitasiga ham nomzodlar saylab olinadi.

Text to speech