7 Oktyabr 2021 1816

Xalqaro aralash jang san’ati federatsiyasi prezidenti MOQga tashrif buyurdi

Ma’lumki, 9-10 oktyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida aralash jang san’ati bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Mazkur musobaqaning faxriy mehmoni – Xalqaro aralash jang san’ati federatsiyasi prezidenti Kerrit Braun MOQga tashrif buyurdi.

Mehmon bugun Toshkentga keldi va tashrifini Qo‘mitamizdan boshladi. Uni Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati qarshi oldi. Shundan so‘ng Qo‘mita rahbariyati va Kerrit Braun bir qator masalalar bo‘yicha suhbatlashishdi.

“Yurtimizda Prezidentimizning jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarziga qaratayotgan e’tiborlari tufayli sport bilan shug‘ullanuvchilar soni tobora ortib bormoqda. Xususan, aralash jang san’ati yoshlarimizning sevimli yo‘nalishlaridan biri. Hamyurtlarimizning qator musobaqalarda muvaffaqiyatga erishayotganlari bunga yaqqol misol. Siz kabi martabali mehmonlarning tashrifi ushbu sportga bo‘lgan qiziqishning yanada ortishiga sabab bo‘ladi”, – dedi MOQ rahbari.

O‘z navbatida Braun ham tashrifidan katta taassurot olganini aytib o‘tdi.

“Meni mamlakatingizga taklif qilganingiz va iliq kutib olganingiz uchun tashakkur. Sport doimo mening yuragimda. O‘zim sobiq dzyudochi, Olimpiada sovrindori sifatida yurtingizdagi sportga bo‘lgan bunday e’tiborga yuqori baho beraman. Ishonish mumkminki, bunday ildamlik bilan mamlakatingiz kelajakda sport olamida yangi marralarni zabt etadi. Bu esa O‘zbekistonni kelajakdagi yaqin hamkorlarimizdan biri sifatida ko‘rishdek taassurot uyg‘otmoqda”, – dedi Kerrit Braun.

Suhbatdan so‘ng martabali mehmon MOQning faxriy mehmonlar kitobiga o‘zining dil-izhorlarini yozib qoldirdi. Yakunda unga MOQning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Text to speech