Eng kuchli trek ustalari chempionlik uchun kurashmoqda
Xabar berganimizdek, ayni kunlarda poytaxtimizda velotrek bo‘yicha mamlakat chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqaning ortda qolgan qiziqarli dasturlaridan biri ta’qib poygasi bo‘ldi.
Yoshlar o‘rtasidagi bahslarda xorazmlik Samandar Sultonov marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Unga Vladislav Troman va Abduhamid To‘ychiyev jiddiy raqobat tug‘dirishdi. Qizlar bahsida Margarita Misyurina Anna Kuskova hamda Asal Rizayevani ortda qoldirib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Kattalar o‘rtasida Aleksey Fomovskiy hamda Yanina Kuskovaga teng keladigani topilmadi.
Shuningdek, sprint bahslari ham o‘zining qiziqarliligi bilan ajralib turdi. Samandar Sultonov ushbu dasturda ham tengsiz ekanini ko‘rsatdi. Qizlar dasturida Sabina Zohidova eng yaxshi natijani qayd etdi. Yana bir qiziqarli dastur – 40 aylanadan iborat skretch poygasi ham murosasiz o‘tdi. Unda g‘olib va sovrindorlar uchligi quyidagicha ko‘rinish oldi:
1. Damir Zabirov
2. Dmitriy Bocharov
3. Timur Abduxakimov