Toshkent mezbonlik qiladigan triatlon bo‘yicha Osiyo kubogining matbuot anjumani o‘tkazildi
9-10 oktyabr kunlari poytaxtimiz triatlon bo‘yicha Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi. Bugun “Ichan qal’a” mehmonxonasida ushbu musobaqaga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun, musobaqa texnik delegati Sajad Bag‘eriandexordi va OAV vakillari ishtirok etishdi. Tadbirni Rustam Shoabdurahmonov ochib berdi.
“Triatlon bo‘yicha biz uchun muhim ahamiyatga ega musobaqa arafasida turibmiz. Ushbu sport mamlakatimizda katta tezlikda ommalashib bormoqda. Hurmatli Prezidentimiz sog‘lom turmush va ommaviy sport targ‘ibotini rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotgan ekanlar, bu kabi turnirlarning ahamiyati ulkan. Triatlon O‘zbekistonda avvaldan bor bo‘lgan, biroq 2019 yil may oyidan milliy federatsiyamizga ega bo‘lganimiz bu sport taraqqiyotida muhim burilish bo‘ldi. Terma jamoamizga xorijdan kuchli mutaxassislar olib kelindi. Bu oldinda turgan Olimpiadaga litsenziya olishdek ulkan maqsadlarimiz yo‘lidagi qadamdir”, – dedi MOQ rahbari.
Shuningdek, Oybek Kasimov ushbu sport targ‘iboti yo‘lida qo‘shimcha fikrlarni bildirdi:
“Yil avvalida aholimiz orasida sport targ‘ibotini kuchaytirish maqsadida kamida 20 ta katta nufuzdagi xalqaro musobaqani qabul qilish bo‘yicha davlatimiz rahbaridan topshiriq olgan edik. Ushbu musobaqa triatlon ommaviyligini oshirish yo‘lidagi shunday turnirlardan. Muxlislarimiz yirik musobaqalarni sog‘inishdi. Dam olish kunlari uchun bu kabi turnirlar tomoshabinlarimizga ma’qul kelishiga ishonamiz. O‘zbekiston triatlon federatsiyasi o‘z sportini “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga kiritish bo‘yicha taklif bildirgan edi. Bu taklif qo‘llab-quvvatlanmoqda”.
Tadbir davomida Yelena Kun musobaqa haqida qo‘shimcha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, 9 oktyabr sanasida professional, 10 oktyabr kuni esa havaskorlar o‘rtasidagi bahslar bo‘lib o‘tadi. Poygalar Yunusobod tumanidagi “Uzekspomarkaz” atrofida o‘tkaziladi. Reglamentga ko‘ra, suzish bahslari 750 metr, velopoyga 20 km, yugurish 5 km masofada bo‘ladi. Unda terma jamoamiz sharafini 5 nafar sportchimiz himoya qiladi.