5 Oktyabr 2021 1794

Sportchilarimizning ma’naviy dunyoqarishini kuchaytirishga e’tibor yanada kuchayadi

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yig‘ilishlarda yoshlarimizga, ayniqsa, ularning ma’naviyatini yuksaltirishga juda katta e’tibor qaratmoqdalar. Shubhasiz, bu borada sport yo‘nalishining ham o‘ziga yarasha xizmati bor. Ayniqsa, yoshlarimizning bo‘sh vaqtlarini sport bilan mashg‘ul qilish, ularni jismonan chiniqtirish oldimizda turgan asosiy vazifalardan biridir.

Biroq sir emaski, so‘nggi paytlarda sportchilarimiz bilan yuzaga kelayotgan bir qator vaziyatlar ko‘ngilni xira qilmoqda. Bir qator nufuzli musobaqalarda, xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qilgan yigitlarimiz ko‘cha janglariga aralashib qolmoqda. Bugun MOQda tegishli tashkilot mutasaddilari, federatsiya va assotsiatsiya vakillari bilan bu kabi holatlarning oldini olish yuzasidan tadbir o‘tkazildi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokratura, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari, sport federatsiya va assotsiatsiyalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni Rustam Shoabdurahmonov ochib berdi va mavzuning qanchalik dolzarbligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Darhaqiqat, bu chindan ham dolzarb mavzu. Prezidentimiz bu yo‘nalishga ham katta e’tibor qaratmoqdalar. Biz yoshlarimizning ongini, bo‘sh vaqtlarini sport bilan, ma’naviyat bilan band qilishimiz kerak. Tarixdan misollar ko‘p, agar biz yoshlarimizning bo‘sh vaqtini band qilmasak, bu ish bilan boshqalar shug‘ullanadi. Shuning uchun bunga jiddiy ahamiyat qaratishingizni, har bir terma jamoalarimizda sportchimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkillashtirishni so‘rab qolamiz”, – dedi MOQ rahbari.

Shuningdek, tadbir davomida sohaning mutaxassislari hukumatimiz boshchiligida bu borada olib borilayotgan ishlar, yo‘lga qo‘yilayotgan dasturlar haqida ma’lumot berishdi. Yig‘ilish yakunida har bir federatsiyamizda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishni kuchaytirish, tegishli dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, bu kabi tadbirlarni davom ettirish bo‘yicha kelishib olindi.

Text to speech