Toshkent-2025: Musobaqa ob’ektlarining qurilish jarayoni muhokama qilindi
2025-yilning may oyida Toshkent shahri IV yozgi yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Qit’amizning eng kuchli yosh atletlari kuch sinashadigan mazkur musobaqaga tayyorgarlik davom etmoqda.
Bugun MOQ rahbariyati musobaqa uchun quriladigan yangi ob’ektlar va dasturga kiritiladigan sport turlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, Qo‘mita Bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov hamda Qo‘mitaning tegishli mutaxassislari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Oybek Kasimov Qibray tumanida barpo etilishi ko‘zda tutilgan Olimpiya shaharchasida sport ob’ektlari uchun ajratilgan maydon, dasturga kiritiladigan sport turlarining hozirgi holati haqida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng Rustam Shoabdurahmonov tayyorgarlik jarayonini kuchaytirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
“Bo‘lajak musobaqa xalqimiz uchun haqiqiy sport bayrami bo‘ladi. Uni yuqori darajada tashkillashtirib, Prezidentimiz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning qudratini butun jahonga ko‘rsatib berishimiz kerak. Musobaqaga quriladigan yangi ob’ektlar keyinchalik mamlakatimizda sport ommaviyligini oshirishda ham xizmat qilishi lozim. Hukumatimiz bizni qo‘llab-quvvatlar ekan, shunga munosib loyihalarni taqdim qilaylik”, – dedi MOQ rahbari.
Suhbat davomida qurilish direksiyasining yakuniy ro‘yxatini Turizm va sport vazirligi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahri hokimiyati bilan to‘liq kelishib olish, sport federatsiya va assotsiatsiyalari bilan kelishish, dasturga kiritiladigan sport turlari ro‘yxatini yana bir bor muhokama qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Qayd etish joiz, bo‘lajak musobaqa uchun ko‘zda tutilgan velotrek, suv sporti turlari, chim ustida xokkey va boshqa bir qator yo‘nalishlarda yangi ob’ektlar barpo etiladi.
Hozirgi rejaga ko‘ra, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga 20 dan ortiq sport turining kiritilishi kutilmoqda. Reglament bo‘yicha musobaqa 5 kundan kam, 10 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatlarda o‘tkazilishi lozim.