“Toshkent yo‘lbarsi” Rufat Risqiyev 72 yoshda!
O‘zbek va jahon boksining afsonalaridan biri, “Toshkent yo‘lbarsi” nomi bilan dong taratgan Rufat Risqiyev bugun 72 yoshga to‘ldi.
Rufat Asadovich Risqiyev 1949-yil 2-оktyabr kuni Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on shahrida tavallud topgan. 1974-yilgi jahon chempionatida zafar quchib, dunyo birinchiligida g‘alaba qozongan ilk o‘zbek bokschisi bo‘lib tarixda qoldi. Shuningdek, Rufat Asadovich 1976-yilgi Olimpiya o‘yinlari finalchisi ham ekani yaxshi ma’lum. 2019-yildan e’tiboran boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi ishtirokchisiga Rufat Risqiyev sovrinini topshirish joriy etildi.
Rufat Asadovich o‘zbek boksiga tamal toshini qo‘ygan insonlardan biri hisoblanadi. Bokschilarimizning hozirgi muvaffaqiyatlarida ham ushbu mutaxassisning xizmati beqiyosdir. Rufat Risqiyevning ko‘p yillik mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan bo‘lib, o‘tgan yil yili Prezidentimiz tomonidan taqdim etilgan “Do‘stlik” ordeni u kishining shaxsiy mukofot va sovrinlar kolleksiyasini yana bittaga boyitdi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Rufat Risqiyevni bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.