30 Sentyabr 2021 2077

Eng yosh chempionimiz nukuslik yoshlarga mahorat saboqlari o‘tkazdi

O‘zbekistonning eng yosh Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitov ayni paytda Respublikamiz bo‘ylab yoshlar bilan turli uchrashuvlarda ishtirok etmoqda. Bu gal u Qoraqalpog‘istonda bo‘ldi.

19 yoshli taekvondochimiz Nukus xalqaro aeroportida keng jamoatchilik vakillari tomonidan tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng u va qoraqalpoq yoshlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Unda Rashitov sportga qanday kirib kelgani, Prezidentimiz tomonidan yoshlarimizning o‘zlarini ko‘rsatishi uchun yaratib berilayotgan sharoitlar, orzulari haqida gapirib o‘tdi.

“Taekvondodan voz kechib, futbolga borishni istagan paytlarim bo‘lgan, chunki, boshlang‘ich pallada sezilarli yutuqlarga erisholmaganman. Lekin murabbiy meni har bir mag‘lubiyatim saboq ekanini aytib, qo‘yib yubormadi, qo‘llab-quvvatladi, rag‘batlantirdi. Shuning uchun men shu yo‘nalishda qolishga qaror qildim va bundan afsuslanmadim”, – dedi Ulug‘bek Rashitov.

Shundan keyin chempionimiz yosh taekvondo ustalariga unutilmas mahorat saboqlarini ko‘rsatib berdi. Shubhasiz, bunday tadbir qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun unutilmas va quvonchli voqea bo‘lib qoladi.

Text to speech