30 Sentyabr 2021 1564

Chavandozlarimiz Millatlar kubogi finalida qatnashish uchun Ispaniyaga jo‘nab ketishdi

Konkur bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ot sporti olamidagi nufuzli musobaqaning finalida ishtirok etish uchun Barselonaga yo‘l oldi. Jamoamiz O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Rossiyada o‘tkazilgan barcha saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan va Yevrosiyo divizionining 11 mamlakati orasida yagona final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.

Ot sporti dunyosida Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng turuvchi ushbu obro‘li tadbirlardan biri aynan Millatlar kubogi musobaqasidir. Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) barcha milliy federatsiyalarni joylashuviga ko‘ra saralash bosqichlari o‘tkaziladigan 7 ta mintaqaga ajratdi va eng kuchli 18 ta jamoa (1 ta jamoada 4 ta chavandoz) yakuniy turnirga yo‘llanma oladi. Kubok finali har yili kuzda Ispaniyada bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun: ot sporti bo‘yicha eng qadimiy turnirlardan biri bo‘lgan Millatlar Kubogi 1909 yildan Yevropa mamlakatlarida o‘tkaziladi va 1930 yildan Xalqaro ot sporti federatsiyasi uning asosiy tashkilotchisiga aylandi. Yaqinda yo‘lga qo‘yilgan Millatlar kubogining shiori – “Milliy g‘urur, xalqaro shijoat”ga aylandi. Bu turnirning ruhini eng yaxshi tarzda ifoda etadi, deya hisoblaydi tashkilotchilar. Tarixda Millatlar kubogining nomi bir necha bor o‘zgardi: Qirolicha kubogi, Prezident kubogi, Shahzoda Filipp kubogi.

Ta’kidlash joiz, respublikamizda ot sportining eng rivojlangan turi konkur bo‘lib, chavandozlarimiz uchun FEI Millatlar Kubogi finaliga chiqish katta orzu edi. Har yili aprel oyida chavandozlarimiz shaxsiy hisobda Jahon kubogi yo‘llanmasi uchun mintaqamiz vakillari bilan bahslashadilar. 2020 yil oxiridan boshlab vaziyat o‘zgardi. Ot sporti bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi tashkil etilgan Yevroosiyo yilqichilik va ot sporti assotsiatsiyasiga qo‘shildi. 2021 yil 21-25 aprel kunlari Toshkent viloyatining “Universal Jumping Agro” ot sporti klubida ot sporti bo‘yicha xalqaro musobaqa – “FEI Jumping Nations Cup Eurasian League” turniri bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston jamoaviy bahsda 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ispaniyada o‘tkaziladigan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida quyidagi sportchilar ishtirok etishadi: Bahromjon Gaziyev, Umid Komilov, Bekzod Qurbonov, A’zam Tolibboyev. Ishtirokchi davlatlarning to‘liq ro‘yxati: Belgiya, Braziliya, Kanada, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, AQSh va O‘zbekiston.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi o‘zbek ot sporti tarixida ilk bor mana shunday musobaqada ishtirok etish arafasida turgan jamoamizga ulkan muvaffaqiyat va zafarlar tilab qoladi.

Text to speech