28 Sentyabr 2021 2189

O‘zbekiston taekvondo WT jamoasida bosh murabbiy o‘zgardi

Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini endi Pavel Xan boshqaradi. Bu haqida assotsiatsiyaning Tokio-2020 yakunlari va yangi strategik rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov, Sportning yakkakurash turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov, shuningdek, assotsiatsiya mutasaddilari va murabbiylari ishtirok etishdi.

Dastavval assotsiatsiyaning Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarigacha bo‘lgan faoliyati sarhisob qilindi. Sherzod Tashmatov Olimpiada yakunidan keyin sportchilarning ishtiroki chuqur tahlil qilingani, shundan so‘ng terma jamoada bosh murabbiy o‘zgarganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, endilikda Pavel Xan bosh murabbiy, Aleksandr Kim esa maslahatchi trener sifatida faoliyat olib boradi.

Terma jamoaning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik strategiyasi bilan Sherzod Tashmatov hamda Pavel Xan aniq va tushunarli qilib gapirib berishdi. Unga ko‘ra, ichki chempionat yakuniga yetgach terma jamoa tarkibi yana bir bor shakllantirib olinadi va har bir Olimpiya vazn toifasida 2 nafardan sportchi tayyorlab boriladi. Ayollar jamoasiga esa janubiy koreyalik murabbiy jalb etilishi rejalashtirilayotgani aytildi.

Ma’lumot uchun, Xan Pavel Afanasevich 1984-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Taekvondo bo‘yicha O‘zbekistonning ilk Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitovning murabbiyi hisoblanadi.

Text to speech