Milliy gvardiya qo‘mondoni O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasiga rais etib saylandi
Bugun Turizm va sport vazirligida O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining navbatdan tashqari Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri A.Abduxakimov, Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor R.Djurayev, R.Shoabduraxmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, mutasaddi tashkilotlar vakillari, ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan delegatlar hamda murabbiylar va boshqa mutaxassislar qatnashdi.
Yig‘ilishda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur infratuzilma va qulay shart-sharoitlar yaratish, kamondan otish sport turini yurtimizda yanada rivojlantirish hamda mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirokini ta’minlash bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri ekanligi, bu borada aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar kamondan o‘q otish – milliy sport turi ekanligini alohida ta’kidlab, mazkur sport turiga qaratilayotgan e’tibor milliy qadriyatlarimizning tiklanishiga va bu orqali yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi, bu esa davlatimizning mazkur yo‘nalishdagi islohotlarining bosh mezoni ekanligini aytib o‘tishdi.
Shundan so‘ng, kun tartibiga muvofiq, federatsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tinglandi, so‘ngra Kamondan otish federatsiyasi raisi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni R.Djurayev nomzodi taklif etilib, delegatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Yig‘ilish so‘ngida, yangi saylangan federatsiya raisi bildirilgan ishonch uchun ishtirokchilarga minnatdorchilik izhor etib, Davlatimiz Rahbarining 2021 yil 17 iyundagi Qarori talablari asosida kamondan otish sport turini ommalashtirish va rivojlantirishda barcha kuch va imkoniyatlarni ishga solishini bildirdi.
Shuningdek, kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasining qisqacha mazmun-mohiyati bilan tanishtirib, asosiy e’tibor Parijda bo‘lib o‘tadigan olimpiada o‘yinlariga litsenziyalarni qo‘lga kiritish hamda sportchilarimizning sovrinli o‘rinlarni egallashiga erishishga qaratilishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz Milliy gvardiya qo‘mondoni 2020 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi raisi etib tayinlangan edi. Shuningdek, Milliy gvardiya qo‘mondoni tashabbusi bilan joriy yilning avgust oyida Funksional ko‘pkurash federatsiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.