Suv polosi. O‘zbekiston chempionatida g‘oliblik mezbonlarga nasib qildi
Namangan shahrida suv polosi bo‘yicha erkaklar jamoalari o‘rtasida mamlakat chempionati baxslari yakuniga yetdi. Qariyib bir hafta davom etgan mazkur musobaqada jami 8 jamoa ikki guruhga bo‘lingan holda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishdi.
Bugun chempionatning so‘nggi kuni medallar hamda 4-8 o‘rinlar uchun uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, quyi o‘rinlar uchun bahslar o‘tkazildi. Shundan so‘ng sovrinli o‘rinlar uchun bellashuvlar boshlandi. 3-o‘rin uchun kechgan baxsda Toshkent shahri jamoasi Respublika oliy sport mahorati maktabi jamoasini 11:10 hisobida yengib, bronza medali sovrindori bo‘lishdi.
O‘zbekiston chempionatining g‘olibligi uchun Namangan viloyati hamda Namangan shahridagi ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi jamoalari o‘zaro kuch sinashdilar. Mazkur o‘yin ham bir to‘p farqi bilan 17:16 hisobida Namangan viloyati jamoasi foydasiga hal bo‘ldi.
Shunday qilib, qizg‘in kechgan chempionat yakuniga ko‘ra, Namangan viloyati suv polochilari O‘zbekiston chempionidek sharafli nomga sazovor bo‘lishdi. Musobaqa so‘nggida barcha g‘olib va sovrindorlarga medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.