Samarqandda zamonaviy dzyudo kompleksi foydalanishga topshirildi
Bugun Samarqand shahridagi 7-umumta’lim maktabida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi hamda mamlakat dzyudo federatsiyasi hamkorligida bunyod etilgan va barcha zamonaviy talablarga javob beruvchi ixtisoslashirilgan dzyudo zalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bayramona tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Samarqand viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirjon Nurullayev, terma jamoamiz bosh murabbiyi Ilias Iliadis boshchiligidagi dzyudochilarimiz ishtirok etdi.
Ushbu zal barcha zamonaviy talablarni inobatga olgan holda bunyod etilgan bo‘lib, erkaklar va ayollar kiyinish xonalari, dush, avtonom isitish tizimi va yuqori sifatli tatamilar bilan jihozlangan.
“Fursatdan foydalanib, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga rahmat aytmoqchiman. Erkinjon Oqbo‘tayevichning qo‘llab-quvvatlashi bilan viloyatda olimpiya oilasiga mansub dzyudo yakkakurashi ham boshqa sport turlari qatori yanada ommalashib, viloyat dzyudochilarining ichki hamda xalqaro musobaqalarda ko‘rsatayotgan natijalari tahsinga loyiq bo‘lib bormoqda. Davlat Bobonov, Muhammadkarim Xurramov, aka-uka Sardor va Kemran Nurillayevlar, Diyora Keldiyorova singari dzyudochilar Samarqand viloyati tarbiyalanuvchilari hisoblanishadi. Ishonchimiz komil, bu muvaffaqiyatlar bardavom bo‘ladi. Aziz ustozlar, o‘quvchilar ushbu ko‘rkam zal sizlarga muborak bo‘lsin!”, – dedi Azizjon Kamilov.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning hududlarga tashrifi chog‘ida yengil konstruksiyali (sendvich-panelli) sport inshootlarini qurish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan edi. O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi hamda Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida boshlangan bu xayrli ishlar ana shu islohotlarning amadagi ifodasi bo‘lmoqda. Yil so‘nggiga qadar yana bir nechta viloyatda xuddi shunday yengil konstruksiyali ixtisoslashtirilgan dzyudo zallari foydalanishga topshiriladi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati