O‘FA rahbariyatiga saylov o‘tkazildi
Bugun MOQ majlislar zalida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilot rahbariyatiga saylov ham o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, O‘FA raisi Abdusalom Azizov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari Saken Polatov, Assotsiatsiya mutasaddilari va tarkibiy qism vakillari, murabbiylar ishtirok etishdi.
Dastavval O‘FA bosh kotibi Avaz Maksumov tashkilot faoliyati haqida hisobot berdi va kun tartibi bilan barchani tanishtirdi. Ko‘pchilik uchun ahamiyatli bo‘lgan O‘FA rahbariyatiga saylov natijalariga ko‘ra, Abdusalom Azizov va Ravshan Irmatov o‘z lavozimlariga yana bir bor saylanishdi. Shuningdek, O‘FA vitse-prezidenti lavozimiga Azizbek Ikramov saylandi.
“Avvalo, yuksak ishonch bildirib, yana 4 yil muddatga saylaganinglar uchun barchaga rahmat aytaman. So‘nggi davr OFK va FIFA yordamida futbolimiz rivojlanishi uchun ishladik. Ammo milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqa olmagani ishimizda kamchiliklar borligini ko‘rsatib turdi. Oldimizda Parijdagi Olimpiadaga chiqish vazifasi turibdi. 2026 yilgi mundialga ham chiqish Srechko Katanets boshchiligidagi murabbiylar shtabi oldiga vazifa qilib qo‘yildi. Bundan tashqari milliy chempionatimiz saviyasini oshirish, jamoalar atrofidagi qing‘irliklarni yo‘qotish kerak”, – dedi Abdusalom Azizov.
Tadbir davomida Assotsiatsiyaning Ijroiya qo‘mitasi tarkibiga 9 nafar vakil ham saylab olindi. Shu tariqa, O‘FAning navbatdagi hisobot-saylov kongressi o‘z ishini yakunladi.