25 Sentyabr 2021 1793

Ana endi aniq JCH eshiklari ochiq

Gandbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo chempionatidagi ishtirokini muvaffaqiyatli yakunladi. Bu gal vakillarimiz aniq mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.

JCHga soʻnggi oʻrin 5-pogʻona uchun kechgan bellashuvda qizlarimiz gonkonglik raqibalariga qarshi maydonga chiqishdi. Oʻta keskin va murosasiz kechgan bahs hamyurtlarimizning 28:25 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Eslatib oʻtamiz, bundan avval Iordaniyani magʻlub etib, oltilikka kirgan jamoamiz JCHga yoʻllanma olishi kerak edi. Biroq Xalqaro gandbol federatsiyasi ushbu musobaqa uchun ajratilgan kvotani beshtaga qisqartirgach, Ispaniya maydonlarida oʻtadigan chempionat uchun yana bir gʻalaba qozonishimiz lozim boʻldi. Taʼkidlash joiz, qizlarimiz guruh bosqichi doirasida gonkonglik qizlarga imkoniyatni boy berishgan edi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi gandbolchi qizlarimizni, Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi va barcha muxlislarimizni ushbu muvaffaqiyat bilan qutlaydi.

Text to speech