Qilichbozlikda jamoaviy litsenziya olish – asosiy vazifamiz
“Qilichbozlarimizning Tokio-2020 Olimpiadasiga sportimiz tarixida ilk bor 3 ta litsenziya olishgani oldinga tashlangan katta qadam bo‘ldi. Biroq bu bilan to‘xtab qolmaymiz”.
MOQ hamda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov qilichbozlarimizning Tokio-2020 Olimpiadasidagi ishtirokiga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu fikrlarni ilgari surib o‘tdi. O‘zDJTSU qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori, professor Rashid Matkarimov, Sportning yakkakurash turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi mutasaddilari va murabbiylari bilan o‘tgan uchrashuvda bir qator istiqbolli rejalar muhokama qilib olindi.
“Ha, ma’lum yutuqlarimiz bo‘ldi. Ilk bor ushbu sport turida 3 ta litsenziya olganimiz, 18 yoshli qizimizning kuchli sakkizlikdan joy olgani ulkan natija. Biroq bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Prezidentimiz 13 avgust kuni Olimpiyachilarimizni qabul qilganlarida har bir federatsiyaning ishtirokini tanqidiy ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edilar. Shu bois bugun faoliyatimizga shu jihatdan nazar tashlaymiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Uchrashuvda litsenziya olinmagan yo‘nalishlarning faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilib, ularni rivojlantirish dasturlari muhokama qilindi. Qilichbozlik sportida jamoaviy yo‘nalishda litsenziya olgan mamlakatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yakkalik dasturida 4 ta yo‘llanmaga ega bo‘ladi. Shu bois Parij-2024 Olimpiadasida asosiy e’tibor jamoaviy yo‘llanmalarga qaratilishi ta’kidlandi. Shuningdek, yig‘ilishda seleksiya ishlariga yanada katta ahamiyat qaratish, kuchli jamoalar, xususan, Yevropa vakillari bilan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini ko‘proq o‘tkazish kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.