24 Sentyabr 2021 2009

MOQda “Til – millat ko‘zgusi” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi

21-oktyabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida ham ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Uni O‘zbek Milliy akademik drama teatrining darg‘alari, O‘zbekiston xalq artistlari Yodgor Sa’diyev, Gavhar Zokirova, Zuhra Ashurova ochib berishdi. Tadbir MOQ hamda uning qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Dastavval so‘z mulkining sultoni Hazrat Alisher Navoiy ijodiga murojaat qilinib, Oybekning “Navoiy” romanidan epizodlar qo‘yib berildi.

Shundan so‘ng Markaz xodimlari O‘zbekiston xalq shoirlari Xurshid Davron va Muhammad Yusuf kabi el sevgan ijodkorlarning o‘zbek tiliga oid she’rlarini yod olib berishdi. Boy o‘zbek so‘zlari bilan yangraydigan ona allasi haqidagi sahna ko‘rinishi esa tadbirga o‘zgacha shukuh berdi.

Yakunda MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov Prezidentimizning o‘zbek tilining mavqeyini yanada mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan islohotlari, ma’naviy-ma’rifiy sohalarga berilayotgan e’tibor xususida gapirib, bu kabi tadbirlarni yanada keng tatbiq qilish fikrini ilgari surdi.

Text to speech