Yosh zamonaviy beshkurashchilarimiz bilan Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorlanamiz
Tokio-2020 tahlili va yangi rejalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan yig‘ilishlar davom etadi. Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasining rejalari muhokama qilindi.
MOQ rahbariyati bilan o‘tgan tadbirda O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, federatsiya bosh kotibi Kseniya Gulyamova, Sportning qishki va murakkab turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi rahbariyati, terma jamoamizda faoliyat olib borayotgan rossiyalik murabbiy Vadim Chudnovskiy ishtirok etishdi.
Qayd etish joiz, zamonaviy beshkurash Olimpiya o‘yinlarida sportimiz geografiyasini kengaytirib bergan sport turi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 13 avgust kuni Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchilarimizni qabul qilar ekan, Parij-2024 Olimpiadasiga mahalliylashtirilgan atletlardan voz kechish haqida topshiriq bergan edi. Bugungi yig‘ilishda hozirgi yosh avlod sportchilarimiz bilan Parij Olimpiadasiga tayyorlanish asosiy maqsad ekani ta’kidlandi.
“Agar biz o‘zimizni chuqur tahlil qilmasak, katta o‘sishga erisha olmaymiz. Tokiodagi yo‘llanma uchun sportchilarimizga rahmat. Biroq Parijga bunday yondashish xato. Beshkurashchilarimiz Tokioda 30 va 32-natijalarni ko‘rsatishdi. Bu Olimpiadaga olib borgan tayyorgarligimizni ko‘rsatib berdi. Endi o‘zimizning yosh sportchilarimizni jahon arenalarida tayyorlab borishimiz lozim”, – dedi MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov.
Yig‘ilishda terma jamoamiz vakillari shug‘ullanishlari uchun markaziy baza qurish, barcha viloyatlarda federatsiya bo‘limlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi asosiy masalalar muhokama qilindi.