Butunjahon avtomobilsiz kuni O‘zbekistonda ham keng qarshi olinmoqda
22 sentyabr – Butun dunyoda avtomobilsiz kun sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, barcha insonlar imkon qadar o‘z yumushlarini ko‘pincha velosiped, rolik, samokat yoki boshqa shu kabi qurilmalarda bajarishga harakat qilishadi. Shu qatorda O‘zbekistonda ham butun dunyoda ilgari surilgan ushbu tashabbusga amal qilgan holda bir qator ommaviy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov yurtimizda barchani ushbu kunni keng targ‘ib qilishda katta tashabbus ko‘rsatdi. Bir nechta rasmiy vakillar va rahbarlar shu bugun o‘z xizmat mashinalaridan voz kechgan holda ish faoliyatlarini velosipedda yoki piyoda olib borishmoqda.
Bu bilan poytaxtimizda o‘tkazilayotgan tadbirlar tugab qolmadi. Bugun soat 20:00 da Mahtumquli va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasidan boshlanib, “Yangi O‘zbekiston” bog‘igacha bugungi sanaga bag‘ishlangan velosayr tashkil etiladi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi barcha yurtdoshlarimizni bugun o‘tkazilayotgan ushbu loyihalarda faol ishtirok etishlarini so‘rab qoladi.