Muammoga yechim topilmoqda
MOQ rahbariyatining federatsiya va assotsiatsiyalarimiz bilan Tokio-2020 yakunlari va kelgusi rejalar bo‘yicha olib borayotgan tahliliy muhokamalari davom etmoqda. Bugun ana shunday tadbir O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bilan o‘tkazildi.
Unda Qo‘mita raisi Rustam Shoabdurahmonov, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi vazifasini bajaruvchi Ruslan Mustayev, O‘zDJTSU qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori, professor Rashid Matkarimov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Gimnastika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Aziz Umaraliyev, federatsiya mutasaddilari va murabbiylar ishtirok etishdi.
Tokio-2020 sikli davomida olib borilgan ishlar, sarf-xarajatlar va Olimpiadadagi ishtirokka bag‘ishlangan taqdimot bilan barchani Ruslan Mustayevning o‘zi tanishtirdi. Yig‘ilishda ko‘tarilgan asosiy masala esa navbatdagi sikldagi asosiy muammo – gimnastikachilarimizning shug‘ullanishi uchun asosiy bazaning yo‘qligi bo‘ldi. Boisi Gimnastika saroyida ayni damda koronavirus va pnevmaniya bilan kasallangan hamyurtlarimizga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Kelasi yil shu kuni esa Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari o‘tayotgan bo‘ladi, yana 3 yildan so‘ng Parij-2024 Olimpiadasi. Ularda munosib ishtirok etadigan jamoani shakllantirish uchun sportchilar tez fursatda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotini boshlashi talab etiladi.
“Hozir badiiy gimnastika yo‘nalishi bizda katta muammolardan biri bo‘lib turibdi. Ayniqsa, guruh mashqi dasturida. Bu yo‘nalishda Osiyo o‘yinlarida ulardan oltin medal kutmoqdamiz. Tokio-2020 Olimpiadasida qatnashgan qizlarimiz katta sportdan ketishayotganlarini ma’lum qilishdi. Yangi avlodni jipslashtirib, chempionlik darajasiga olib chiqish uchun kech qolmoqdamiz”, – dedi Ruslan Mustayev.
O‘z navbatida, MOQ rahbari sportchilarimizni vaqtincha xorijda shug‘ullanish uchun xalqaro yig‘inga jo‘natish taklifini ilgari surdi:
“Davlatimiz rahbari sportchilarimiz uchun hamisha eng yaxshi qulayliklarni yaratib berishga harakat qilganlar. Bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Bu vaziyatda bir taklif bor: kelinglar, yangi shakllanayotgan jamoani avvalgi qizlarimiz shug‘ullangan Moskvadagi badiiy gimnastika bazasiga jo‘natsak. Ularning shakllanib olishlari uchun bu juda katta foyda bo‘ladi, deb o‘ylayman. Agar Sizlarda boshqa takliflar bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyormiz”.
Federatsiya mutasaddilari MOQ rahbarining ushbu taklifini qo‘llab-quvvatlashdi. Shuningdek, yig‘ilishda barcha yo‘nalishga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish, yangi Olimpiada siklidagi tayyorgarlik strategiyasini to‘liq ishlab chiqish haqida fikr-mulohazalar bildirildi.