Ilias Iliadis: “Har bir vaznda kamida 2 nafardan litsenzion hududdagi dzyudochini tarbiyalaymiz”
MOQda sportchilarimizning Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan tahliliy yig‘ilishlar davom etmoqda. Xabar berganimzidek, kunning birinchi yarmida Qo‘mita rahbariyati sport kurashlari bo‘yicha terma jamoamiz mutasaddilari bilan muhokama o‘tkazdi. Shundan so‘ng dzyudochilarimiz chiqishi tahlil qilindi. Unda terma jamoa murabbiylari Ilias Iliadis va Nellya Kiyamova hamda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi vakillari qatnashishdi.
Yig‘ilishda har bir vazndagi dzyudochilarimizning ishtiroki ko‘rib chiqildi. Bir qator vakillarimizning chiqishi tanqidiy fikrlarga sabab bo‘ldi. Bu borada murabbiylarning shaxsiy fikrlari ham alohida o‘rganildi.
“Dzyudochilarimizning sport formasi juda yuqori edi. Lekin ba’zi vaziyatlarda ruhiy tomondan kamchiliklarimiz ko‘rindi. Shunday holatlarga duch keldikki, vaziyat bizga bog‘liq bo‘lmay qoldi. Parijga tayyorgarlikka endi boshqacha yondashamiz. Har bir vaznda litsenzion hududga kiradigan kamida 2 nafardan dzyudochini tarbiyalaymiz. Buning uchun ichki potensialimiz yetarli. Raqobat juda kuchli bo‘lsagina, katta natijaga erishamiz”, – dedi Ilias Iliadis.
Suhbatda murabbiylar shtabi bu yilgi mamlakat chempionati natijalari orqali yangi Olimpiada sikliga tayyorlanadigan tarkibni saralab olishni rejalashtirilayotganini ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, unda Davlat Bobonovdan boshqa terma jamoamizning barcha vakillari ishtirok etadi.