21 Sentyabr 2021 1771

Tokio-2020 tahlili: Diqqatimiz markazida sport kurashlari

Ma’lum qilganimizdek, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan terma jamoalarimizning ishtirokini tahlil qilish, Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalariga qaratilgan yig‘ilishlar davom etmoqda. Bugun sport kurashlari bo‘yicha polvonlarimizning chiqishi muhokama qilindi. Yig‘ilishda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Sportning yakkakurash turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bosh kotibi Shuhrat Mamadaliyev boshchiligidagi terma jamoa murabbiylari bilan kurashchilarimizning ishtiroki tahlil qilindi. Assotsiatsiya mutasaddilarining ma’lum qilishicha, Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng har bir yo‘nalishda (erkin, yunon-rum va ayollar kurashi) vaziyat chuqur o‘rganilib, tegishli xulosalar chiqarilgan. Unga ko‘ra, ayollar kurashida murabbiylar shtabi to‘liqligicha o‘zgargan. Erkin va yunon-rum kurashida jami 5 nafar maslahatchi murabbiyning xizmatiga ehtiyoj yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.

“Olimpiadadan so‘ng o‘zimiz ishtirokimizni alohida tahlil qildik va kamchiliklarimizni ko‘rib chiqdik. Yigitlarimiz bilan ishlagan Adham Ochilov endi ayollar jamoasini boshqaradi. Bu yil asosiy e’tiborimiz Serbiyada o‘tadigan 23 yoshgacha bo‘lgan toifadagi jahon chempionatiga qaratiladi. Boisi ushbu yoshdagi kurashchilarimiz Parij-2024 Olimpiadasi uchun asosiy da’vogar bo‘ladi. Ularning xalqaro musobaqalarda tajriba olishi juda muhim”, – dedi Shuhrat Mamadaliyev.

Shuningdek, yigʻilish davomida xorijlik mahalliylashtirilgan sportchilardan imkon qadar voz kechish, buning oʻrniga chekka hududlardan iqtidorli yoshlarni saralab olishga katta ahamiyat qaratish, sport tibbiyoti va psixologiya yoʻnalishlari boʻyicha tajriba orttirish kabi masalalar yuzasidan topshiriqlar berildi.

Text to speech