20 Sentyabr 2021 1834

Merganlarimiz Osiyo chempionatini 21 ta medal bilan 2-o‘rinda yakunlashdi

Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘q otish sporti bo‘yicha Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. Unda ishtirok etgan terma jamoamiz muvaffaqiyatli qatnashib, 21 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Musobaqa o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida tashkil etildi. Unda qit’amizning 300 nafardan ortiq sara merganlari bahs olib bordi. Yakunda jamoamiz 5 ta oltin, 11 ta kumush va 5 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Yanada ahamiyatlisi, bu medallar bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Vakillarimiz orasida Nigina Saidqulova 2 ta oltin, Aleksandra Davidova 1 ta oltin va 1 ta kumush, Tokio-2020 Olimpiadasi ishtirokchisi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi Muxtasar Tohirova 2 ta kumush medallarini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirok bilan terma jamoamiz sportchilarimizni tabriklab, ularning kelgusi faoliyatida ham omad va zafarlar tilab qoladi.

Text to speech