20 Sentyabr 2021 1734

Federatsiyalarning Tokio Olimpiadasidagi ishtiroki va tayyorgarligi sarhisobi boshlandi

Bugundan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan federatsiya va assotsiatsiyalarimizning musobaqadagi ishtiroki va tayyorgarliklarini tahlil qilishga bag‘ishlangan hisobotlar boshlandi. Dastlab O‘zbekiston ROWING&CANOE federatsiyasi bilan mazkur masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, MOQ qoshidagi RSTIAM direktori Abdushukur Sadikov, O‘zbekiston ROWING&CANOE federatsiyasi bosh kotibi Vyacheslav Didrix, Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi mutasaddilari, terma jamoa murabbiylari ishtirok etishdi.

Dastavval, ushbu sport turining ommaviyligini oshirish, moddiy-texnik bazaning viloyatlar kesimidagi holati tahlil qilindi. Qayd etish joiz, eshkak eshuvchilarimizning ham Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishi uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berildi: federatsiya talabnomasiga ko‘ra Portugaliya va Polshadan zamonaviy qayiqlar xarid qilindi, uzluksiz mahalliy hamda xorijiy yig‘inlar tashkil etildi. Biroq yakunda 4 nafar sportchigina litsenziya qo‘lga kirita oldi xolos. Shu bois yig‘ilish anchagina tanqidiy ruhda o‘tdi.

“Haqiqatdan ham, sportchilarimizning tayyorgarligi uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Tayyorgarlik davri uchun tuzgan strategiyamiz o‘zini oqlamadi. Qolaversa, sportchilarimizda g‘oliblik ruhi yetishmadi va yoshlarimizda tajriba kamlik qildi. Bundan katta xulosa chiqardik. Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorlanishda yo‘l qo‘ygan xatolarimizni takrorlamaslikka harakat qilamiz”, – dedi Vyacheslav Didrix.

Mutasaddilar tomonidan murabbiylar shtabi bilan qayd etilgan natijalarni yanada chuqur tahlil qilish, seleksiya ishlarini kuchaytirish va kuchli zaxira sportchilarini tarbiyalash bo‘yicha kerakli topshiriqlar berildi. Shuningdek, Xanchjou va Parij musobaqalariga tayyorgarlik rejalari ham muhokama qilindi.

Text to speech