Xanchjou-2022, Parij-2024: Tayyorgarlik strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi
Bugun ZOOM platformasi orqali Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni yanada kuchaytirish boʻyicha onlayn yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport raisining oʻrinbosari Avaz Karimov, MOQ raisining oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, federatsiya va assotsiatsiyalarning mutasaddilari, murabbiylar ishtirok etishdi.
Tadbirni Sherzod Tashmatov olib bordi va mazkur musobaqalarga koʻriladigan tayyorgarlikning bosqichlari, rejalar haqida toʻxtalib oʻtdi.
«Tokio-2020 yakunlandi va u tarix boʻlib qoldi. Endi keyingi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz lozim. Boisi Parij-2024 ga 3 yildan kamroq vaqt qoldi. Shuningdek, kelgusi yil Xanchjou shahrida Osiyo oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Hozir yoshlarimizning koʻpchilik sportchi boʻlishni istashmoqda. Sababi Prezidentimiz sportchilarimizga katta motivatsiya bermoqdalar. Biz bundan unumli foydalanishimiz, bildirayotgan ishonchlarini oqlashimiz lozim», – dedi Sherzod Tashmatov.
Shuningdek, tadbir davomida Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Oʻyin sport turlari boʻyicha Respublika Oliy sport mahorat maktabi direktori Jasur Akramov Vazirlik va Qoʻmita rahbariyati bilan zamonaviy sport tibbiyoti, metodikasi, menejmenti kabi yoʻnalishlarda xalqaro tajribalarni oʻrganish, uning soʻnggi yutuqlarini tahlil qilish kabi yoʻnalishlar boʻyicha fikr almashishdi. Qolaversa, jamoaviy sport turlariga boʻlgan eʼtiborni yanada kuchaytirish mavzusiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Shu bilan birga, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan murabbiylar musobaqada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, xatolar haqida oʻz fikrlarini bildirishdi.
Taʼkidlash joiz, 2022-yil sportchilarimizni bir qator yirik kompleks musobaqalar kutib turibdi. Jumladan, mart oyida Tailandda Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari, avgustda Turkiyada Islom birdamligi musobaqasi, sentyabr oyida Xitoyda Osiyo oʻyinlari va dekabrda yoshlar Osiyo oʻyinlari kutib turibdi. Shubhasiz, mazkur musobaqalarga yuqori darajadagi tayyorgarlik talab etilgani bois, 2022-yil oldimizda masʼuliyatli turnirlar turibdi. Yakunda Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik strategiyasi boʻyicha oʻz rejasini ishlab chiqish boʻyicha tavsiyalar berildi.