O‘zbekiston va BAA regbi federatsiyalari hamkorlik memorandumini imzolashdi
Ertaga Toshkentda regbi-7 bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Osiyo chempionati start oladi. Bugun musobaqa boshlanishidan avval O‘zbekiston va BAA regbi federatsiyalari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.
MOQda bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev, Qo‘mita raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, BAA regbi federatsiyasi prezidenti Shayx Muhammad bin Maktum bin Juma Al Maktum, Osiyo regbi federatsiyasi prezidenti, BAA regbi federatsiyasi vitse-prezidenti Qays Abdulla Al Dxalay ishtirok etishdi.
Tomonlar dastavval tor doirada o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda qatnashdilar.
“Avvalambor, Sizlarni yurtimizda ko‘rib turganimizdan bag‘oyat xursandmiz. Hurmatli Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport, sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadilar. Sportchilarimiz Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida umumjamoa hisobida 32, Paralimpiya o‘yinlarida esa 16-o‘rinni egallashdi. Turizm va sport vazirligi bilan yurtimizda sog‘lom turmush tarzi va professional sportni rivojlantirish bo‘yicha hamjihatlikda faoliyat olib boramiz. Rejalarimiz orasida regbi sportini yurtimizda yanada rivojlantirish maqsadi bor, albatta”, – dedi MOQ rahbari.
Shuningdek, suhbatda har ikki mamlakat o‘rtasidagi samimiy aloqalarni sport sohasida ham rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish kabi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Uchrashuvdan so‘ng MOQ Majlislar zalida har ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
“Biz birgalikda ulkan rejalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Rivojlanish yo‘lida o‘zaro tajriba almashishimiz juda muhim. Birgalikda mana shunday hamkorlikni yo‘lga qo‘yayotganimizdan mamnunmiz. Ishonamizki, dini, madaniyati o‘zaro tutashgan har ikki tomon bundan manfaatdor va xursand”, – dedi Sodiq Safoyev.
Tadbir yakunida Al Maktum janoblari ham ushbu hamkorlikdan mamnun ekanligini, mamlakatimizga amalga oshirgan ilk tashrifi unda iliq taassurot qoldirayotganini alohida aytib o‘tdi.