15 Sentyabr 2021 2127

Osiyo oʻq otish konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon Al Sabah MOQga tashrif buyurdi

Bugun Osiyo oʻq otish konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon Al Sabah Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi. Martabali mehmonni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi olishdi.

Dastavval MOQ rahbariyati mehmonlarni Qoʻmita faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdi va ularga oʻzbek sportining shonli tarixi haqida gapirib berishdi. Shundan soʻng reja boʻyicha, bir qator masalalar muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Qayd etish joiz, Al Sabahga ushbu konfederatsiya Bosh kotibi Duayj Al Otaybi hamrohlik qildi. Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston oʻq otish federatsiyasi raisi Oybek Norinboyev ham qatnashdi. Soʻz avvalida Rustam Shoabdurahmonov Al Sabahning tashrifidan mamnun ekanligini bildirib oʻtdi.

“Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Sizdek mehmonni qabul qilishdan mamnun. Ushbu tashrifingiz milliy federatsiyamiz bilan Siz rahbarlik qilayotgan tashkilot oʻrtasidagi iliq munosabatni yanada mustahkamlaydi, deb hisoblaymiz. Hurmatli Prezidentimizning yurtimizda sogʻlom turmush tarzi targʻiboti va sportga qaratayotgan eʼtiborlari juda katta. U kishining qoʻllab-quvvatlashi bilan Toshkent viloyatida zamonaviy oʻq otish markazi barpo etilmoqda. Ishonamizki, bu markazning kelgusida foydalanishga topshirilishi ushbu sportda yangi chempionlarimizni kashf qilishimizda katta turtki boʻladi”, – dedi MOQ rahbari.

Oʻz oʻrnida martabali mehmon ham yangi gʻoya va rejalarni amalga oshirishda yordam berishga tayyor ekanini bildirib oʻtdi.

“Avvalambor, meni iliq kutib olganingiz uchun tashakkur aytaman. Oʻzbekistonda boʻlish men uchun sharaf. Ilk bor 2006-yil mamlakatingizga kelgan edim. Hozir Oʻzbekistonning taraqqiyoti ulkan darajada oʻsgan. Darhaqiqat, qurilayotgan yangi oʻq otish markazi menda iliq taassurot qoldirdi. Uning imkoniyatlari har tomonlama yuqori ekanini bilib olish qiyin emas. Kelgusida oʻzbekistonlik sportchi va murabbiylarning malakalarini oshirish uchun yordam berishga tayyormiz”, – dedi Al Sabah janoblari.

Samimiy ruhda oʻtgan suhbat davomida mamlakatimizda oʻq otish sportini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, Toshkentda koʻplab xalqaro tadbirlarni tashkil etish kabi istiqbolli masalalar muhokama qilindi. Tadbir yakunida mehmonlarga MOQning esdalik sovgʻalari topshirildi.

Text to speech