Birinchi MDH oʻyinlarining qahramonlari tantanali kutib olindi
Joriy yilning 4-11-sentyabr kunlari Rossiyaning Qozon shahrida I MDH oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi 23 ta oltin, 32 ta kumush va 36 ta bronza, jami 91 ta medal qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida mezbonlardan soʻng ikkinchi oʻrinni egalladi. Ushbu musobaqada ishtirok etgan delegatsiyamiz Vatanimizga qaytib keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining 3-Terminalida oʻtgan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Behzod Musayev, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Turizm va sport vazirligimutasaddilari, koʻp sonli muxlislar va sportchilarimizning yaqinlari ishtirok etishdi.
Yosh atletlarimiz aeroportda tantanali kutib olindi. Tadbirni Aziz Abduhakimov va Behzod Musayev ochib berishdi. Mutasaddilar soʻz oʻrnida yosh sportchilarimizni qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyat bilan qutlab, ularning kelgusi faoliyatlarida omad va zafarlar tilab oʻtishdi. Shuningdek, Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Moʻminov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Gʻayrat Majid ham oʻzlarining iliq tilaklarini yoʻlladilar.
Shundan soʻng birinchi MDH oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarimizga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovgʻasi topshirildi. Unga koʻra, musobaqada oltin medalga sazovor boʻlgan sportchilarga 25 million, ularning ustozlariga 12.5 million, kumush medal sohiblariga 15 million va ularning trenerlariga 7.5 million, bronza medali egalariga esa 10 million, ularni tarbiyalagan murabbiylariga 5 million soʻmdan pul mukofotlarining sertifikatlari topshirildi. Estradamizning bir qator yorqin vakillari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar tantanali marosimga oʻzgacha fayz berdi.
Keyin tadbir ishtirokchilari ajratilgan ikki qavatli maxsus avtobuslarda poytaxtimiz boʻylab MOQ tomon sayrga chiqishdi. Ularni koʻplab hamshaharlarimiz poytaxtimiz koʻchalari boʻylab olqishlab turishdi.
Tantanali marosimning mantiqiy yakuni MOQ binosida boʻldi. Unda delegatsiyamiz bir jamoa boʻlib, esdalik uchun suratga tushishdi va ular ishtirokida fleshmob yozib olindi.