10 Sentyabr 2021 1799

Tatariston Prezidenti Oʻzbekiston delegatsiyasini qabul qildi

9-sentyabr kuni Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov Qozon shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovni qabul qildi.

Unda Tatariston tomondan Respublikaning bir qator yuqori martabali vakillari, Oʻzbekiston tomonidan mamlakatimizning Tataristondagi Bosh konsuli Farid Nasriyev, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari Jamshid Babadjanov ishtirok etdi.

Samimiy suhbatda Rustam Minnixanov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Tatariston Respublikasi bilan hamkorlikka boʻlgan eʼtibor va qoʻllab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Bizning oʻzaro aloqalarimiz va qoʻshma loyihalarimiz Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan. Ikki mamlakat prezidentlari tomonlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratishda davom etish muhim deb hisoblaydilar», – dedi Tatariston Respublikasi Prezidenti.

Shu bilan birga, Rustam Minnixanov joriy yilning iyul oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi hamda Oʻzbekiston Prezidenti bilan uchrashuvini iliqlik bilan yodga oldi. Tatariston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mahalliy aholi hamda xorijiy sayyohlarga yaqqol sezilayotganini alohida qayd etdi.

Aziz Abduhakimov, oʻz oʻrnida, Oʻzbekiston-Tatariston oʻrtasida koʻp tomonlama, xususan turizm, madaniy meros va sport sohalarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish haqida soʻz yuritdi va bunda xalqaro tadbirlarning oʻrni nihoyatda muhim ekanini taʼkidladi.

Text to speech