Lina Cheryazovaning qabri obodonlashtirilib, unga yodgorlik o‘rnatildi
Vatanimiz sporti tarixida afsonaviy Lina Cheryazovaning o‘rni beqiyos. Mustaqil O‘zbekistonning ilk Olimpiada chempioni 2019 yil og‘ir xastalikdan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining faxriy sportchilarimizga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatish bo‘yicha bergan topshirig‘iga binoan Cheryazova dafn etilgan qabristonda obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Lina Cheryazova 2019 yil 23 mart kuni vafot etdi. Fristayl bo‘yicha Lillexammer-1994 qishki Olimpiadasi chempioni, jahon chempioni dafn qilingan Rossiya Federatsiyasi, Novosibirsk shahri, “Kleshchinskiy” qabristonida unga yodgorlik o‘rnatildi. Mazkur tadbirda MOQ, Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi Bosh konsulligi mutasaddilari ishtirok etishdi. Yodgorlikka Cheryazovaning tug‘ilgan kuni va o‘limi qayd etilgan sanadan tashqari “Fristayl bo‘yicha O‘zbekistonning Olimpiada va jahon chempioni” degan ta’rif ham bitilgan.
Fristaylning akrobatika yo‘nalishida yurtimiz sha’nini himoya qilgan ushbu sportchimiz sharafiga qishki Olimpiya o‘yinlarida ilk bor O‘zbekiston davlati madhiyasi yangragan. Shuningdek, u 1993 yil jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Ko‘rsatgan xizmatlari uchun “Mehnat shuhrati” ordeni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” va “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Lina Anatolevna Cheryazovaning xotirasini abadiylashtirish yo‘lida yordam bergan barcha tashkilotlarga o‘z minnatdorchiligini bildirib qoladi.