Qozonda sovrindor boʻlgan belbogʻli kurashchilarimiz taqdirlanishdi
Qozon shahrida oʻtkazilayotgan birinchi MDH oʻyinlarida delegatsiyamiz qoʻlga kiritayotgan muvaffaqiyatlarda belbogʻli kurashchilarimizning ham oʻrni bor. Bugun MOQda ushbu musobaqa gʻolib va sovrindorlari qatoridan joy olgan belbogʻli kurashchilarimizni taqdirlanish marosimi va kurash boʻyicha Ruminiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtadigan xalqaro musobaqa oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosari, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi raisining oʻrinbosari Erkin Yoʻldoshev ochib berdi va belbogʻli kurashchilarimizni qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyat bilan qutlab, oʻzining iliq tilaklarini bildirib oʻtdi.
Shundan soʻng Qozonda muvaffaqiyatga erishgan belbogʻli kurashchilarimiz va sohani rivojlantirish yoʻlida samarali mehnat qilayotgan murabbiylar, federatsiya mutasaddilari, OAV vakillariga esdalik sovgʻalari topshirildi. Taʼkidlash joiz, belbogʻli kurashchilarimiz Qozonda 7 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, delegatsiyamizning yuqori pogʻonaga koʻtarilishlarida munosib hissa qoʻshdilar.
Tadbirning ikkinchi qismida 10-13-sentyabr kunlari Ruminiyaning Konstansa shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkaziladigan xalqaro musobaqaga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Mutasaddilarning maʼlum qilishlaricha, ushbu turnirda polvonlarimiz ishtirok etishmaydi. Bunga quyidagicha izoh berildi:
“Musobaqa mutlaq vazn toifasida boʻladi. Bizning koʻplab mahoratli polvonlarimiz bor. Ishonchimiz komilki, ularni olib boradigan boʻlsak, vakillarimiz sovrinli oʻrinlarni band etishadi. Bizning maqsadimiz kurashni butun dunyoga targʻib qilish ekan, hamma musobaqaga polvonlarimizni qoʻyavermasligimiz kerak”, – dedi MOQning kurash milliy sport turini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Kamol Usmonov.
Anjuman davomida jurnalistlar shu va boshqa mavzularda oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.