8 Sentyabr 2021 1593

MOQ rahbariyati va Olimpiyachilarimiz OʻzLiDePga aʼzo boʻlishdi

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining OʻzLiDeP bilan hamkorligi davom etadi. Bugun MOQ rahbariyati va bir nechta taniqli Olimpiyachilarimizga ushbu partiyaga aʼzolik nishonlari topshirildi.

Koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbirda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov, OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Dilshod Shoumarov, Partiyaning Toshkent shahar kengashi raisi Ravshan Fozilov va uning oʻrinbosari Bobur Rasulov, gimnastika boʻyicha Barselona-1992 Olimpiya oʻyinlari chempioni Oksana Chusovitina, taekvondo boʻyicha Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari chempioni Ulugʻbek Rashitov, shuningdek, yana bir qator taniqli sportchilarimiz qatori federatsiya va assotsiatsiyalar mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tadbirda OʻzLiDep vakillari oʻzaro hamkorlik va istiqbolli rejalar haqida gapirib oʻtishdi.

“Avvalo, Sizlarni Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlaridagi muvaffaqiyatingiz bilan samimiy qutlashga ijozat bergaysiz. Sizlardek chempionlarimiz partiyamizga aʼzo boʻlishlari biz uchun sharaf. Milliy Olimpiya qoʻmitasi bilan tuzilgan memorandumimiz asosidp bir qator rejalarni amalga oshirmoqdamiz. Partiyamiz tashkil topgandan beri doimo saylovlarda gʻalaba qozonib kelgan. Bu xalqimizga yoqadigan gʻoyalarni berib kelayotganimizdan. Ertaga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev navbatdagi syezdimizda yangi rejalarimiz haqida oʻrtoqlashadilar”, – dedi Dilshod Shoumarov.

Shundan soʻng Rustam Shoabdurahmonov va Ravshan Irmatov, shuningdek, bir qator taniqli sportchilarimiz, Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi mutasaddilariga OʻzLiDePga aʼzolik nishonlari topshirildi.

Tadbirda Rustam Shoabdurahmonov ham soʻz olib, davom etayotgan izchil hamkorlik, davlatimiz rahbarining sportga qaratayotgan eʼtiborlari xususida gapirib oʻtdi. Shundan soʻng OʻzLiDeP rahbariyatiga MOQning esdalik sovgʻalari topshirildi.

Text to speech