6 Sentyabr 2021 2189

6-sentyabr – Butunjahon kurash kuni

Bugun oʻzbek milliy kurashi butun dunyo boʻylab oʻz bayramini nishonlamoqda. Bir necha yildan buyon ushbu sana norasmiy bayram sifatida nishonlab kelingan boʻlsa, 2017-yilga kelib, “6-sentyabr – kurash milliy sport turi kuni” sifatida rasman tan olindi va bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni imzolandi.

Bugungi kunda dunyoning 130 dan ortiq mamlakatida Milliy federatsiyalar tashkil qilingan. Oʻz navbatida, milliy sportimiz ham tobora yirik kompleks musobaqalar dasturidan muqim oʻrin olmoqda. Jumladan, 2017-yil Turkmanistonda oʻtgan Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari, 2018-yil Indoneziyada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida mazkur sport turi boʻyicha bahslar oʻtkazildi. Bu yoʻlda barchamizning ezgu maqsadimiz, shubhasiz, oʻzbek milliy kurashini Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritishdir.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi yurtimiz va butun dunyodagi kurash oilasini bugungi bayram bilan samimiy muborakbod etib qoladi.

Text to speech