5 Sentyabr 2021 2016

Tokio-2020: Oʻzbekiston Paralimpiya oʻyinlarini 16-oʻrinda yakunladi

Bir necha kun diqqatimiz markazida boʻlgan Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlari ham oʻz yakuniga yetdi. Unda Oʻzbekiston jamoasi medallar jamlanmasi boʻyicha umumjamoa jadvalida Riodagi oʻrnini saqlab qoldi.

Delegatsiyamiz ushbu Paralimpiya oʻyinlariga 48 sportchi bilan 55 ta yoʻllanma qoʻlga kiritgan edi. Yakunda esa jamoamiz 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza, jami 19 ta medalga sazovor boʻldi. Bu esa umumjamoa hisobida 162 delegatsiya orasida musobaqani 16-oʻrinda yakunlashimizni taʼminladi. Bu koʻrsatkich Osiyo jamoalari (Xitoy, Yaponiya va Erondan soʻng) va MDH (Rossiya, Ukraina va Ozarbayjondan keyin) mamlakatlari orasida toʻrtinchi, Markaziy Osiyo va Turkiy xalqlar orasida birinchi boʻldi. Qayd etish joiz, Rio-2016 Paralimpiya oʻyinlarida ham 8 ta oltin medal bilan 16-oʻrinni band etgan edik.

Hozir Tokio shahridagi Olimpiya stadionida musobaqaning tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtmoqda. Delegatsiyamiz Toshkentga ertaga qaytib keladi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi bunday muvaffaqiyatli ishtirok bilan Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasini, terma jamoamiz delegatsiyasini, sportchi va murabbiylarni va ularning ota-onalarini muborakbod etadi.

Text to speech