5 Sentyabr 2021 2082

Toshkentda qilichbozlik boʻyicha xalqaro konferensiya ish boshladi

Bugun poytaxtimizda qilichbozlik boʻyicha Osiyo, Pan Amerika va Afrika konfederatsiyalarining hamkorlikdagi konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda har uch mintaqa konfederatsiyalarining rahbariyati, unga aʼzo 30 dan ortiq milliy federatsiyalar vakillari ishtirok etishmoqda.

Konferensiyaning mavzusi “Osiyo va boshqa qitʼalarda qilichbozlikni rivojlantirishning innovatsion uslublari” boʻlib, unda soʻnggi davr, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi paytida rivojlanishning yangi metodologiyasi boʻyicha qimmatli maʼlumotlar almashinmoqda. Bugungi tadbirni Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov ochib berdi. Qoʻmita rahbari soʻz oʻrnida Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, buning samarasida barcha turlar qatori qilichbozlikning rivojlanib borayotgani xususida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Shundan soʻng Pan Amerika qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Vitaliy Logvin, Afrika qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Embannik Ndiye, Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Rusni Abu Hasan, shuningdek, ushbu tashkilotlarning bir qator mutasaddilari oʻz taqdimotlarini namoyish qilishdi. Unda soʻz olgan spikerlar qilichbozlik sportini rivojlantirish, buning uchun joylarda olib borilayotgan loyihalar, yoʻlga qoʻyilgan seminar va oʻquv-kurslari, kelgusidagi loyihalar xususida maʼlumot berishdi.

“Qilichbozlik sportining yanada rivojlanishi uchun yoʻl ochayotgan Oʻzbekiston hukumatiga oʻz minnatdorchiligimni bildirib oʻtmoqchiman. Aprel oyida epidemiologik vaziyat murakkab boʻlib turganda aynan bu davlat tashabbus bilan Osiyo mintaqasi uchun oʻtgan Tokio-2020 litsenzion musobaqasini qabul qildi. Bularning barchasi janob Prezident Mirziyoyevning eʼtiborlari qanday ekanini koʻrsatib turibdi. Oʻz navbatida, oʻzbek qilichbozlarining ham xalqaro maydondagi natijalari tobora oʻsib bormoqda”, – dedi Vitaliy Logvin.

Tadbir davomida Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova Toshkentda ochiladigan murabbiylarni oʻqituvchi xalqaro akademiya faoliyati haqida maʼruza qildi.

Konferensiya kun oxiriga qadar davom etadi. Unda qilichbozlik sportining istiqboli, yangi innovatsion yoʻnalishlar, jumladan, maktab oʻquvchilari uchun interaktiv olimpik ensiklopediya yaratish, yirik musobaqalarni oʻtkazishda yangicha texnologiyalardan foydalanish kabi 10 ga yaqin mavzular atroflicha muhokama qilinadi.

Text to speech