4 Sentyabr 2021 1819

Ajoyib yakun: Guljanoy Naimova Paralimpiada chempioni!

Para-taekvondochimiz Guljanoy Naimova jamoamiz uchun Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlariga chiroyli yakun yasab berdi. Hamyurtimiz Braziliya vakiliga qarshi kechgan bahsda gʻalaba qozonib, oltin medal sohibasiga aylandi.

Shiddatli kechgan jangda Naimova oʻzining aniq va ishonchli harakatlari bilan raqibasiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim qildi. Qayd etish joiz, ushbu sportchimiz Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz nomidan ishtirok etgan eng soʻnggi vakilimiz boʻldi. Bir oz avval para-yengil atletikachimiz Muhammad Rexsimov F61 toifasida yadro uloqtirish bahslarida 6-natijani qayd etdi.

Shu tariqa, Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarini Oʻzbekiston delegatsiyasi 19 ta medal (8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza) bilan yakunladi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi bunday natija bilan barcha hamyurtlarimizni, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi, butun jamoamizni qutlab qoladi.

Text to speech