4 Sentyabr 2021 1614

Uch mintaqa vakillari Toshkentda

Ertaga poytaxtimizda qilichbozlik boʻyicha Osiyo, Pan Amerika va Afrika konfederatsiyalarining rahbarlari ishtirokida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi. Bugun mazkur tadbir ishtirokchilari MOQda mehmon boʻlishdi.

Ularni Qoʻmita rahbari Rustam Shoabdurahmonov va uning oʻrinbosari Sherzod Tashmatov qarshi olishdi. Dastavval, mehmonlarga MOQ binosi boʻylab ekskursiya tashkil etildi, ularga oʻzbek sportining shonli tarixi, Prezidentimizning sohaga qaratayotgan eʼtibori xususida gapirib berildi. Shundan soʻng kichik majlislar zalida bir qator istiqbolli masalalar muhokama qilib olindi.

Taʼkidlash joiz, delegatsiya tarkibida Pan Amerika qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Vitaliy Logvin, Afrika qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Mbagnik Ndiaye, Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Rusni Abu Hasan, shuningdek, Misr, BAA, Iordaniya qilichbozlik federatsiyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Suhbat davomida Rustam Shoabdurahmonov oʻzbek qilichbozligining yildan yilga rivoj topib borishi, erishayotgan yutuqlari, bunda davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi haqida gapirib berdi.

“Hammangizni azim poytaxtimizda koʻrib turganimizdan bagʻoyat mamnunmiz. Barcha muvaffaqiyatlarimizga davlatimiz rahbarining sportga qaratayotgan eʼtibori bilan erishmoqdamiz. Jumladan, Tokioda ilk bor qilichbozlik sportida 3 ta yoʻllanmaga ega boʻldik. Ular orasida 18 yoshli sablyachi qizimiz kuchli sakkizlikdan joy oldi. Biz mezbonlik qilayotgan turli yirik xalqaro tadbirlar ham hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan oʻtmoqda. Maqsad esa mamlakatimizda sport targʻibotini yanada kuchaytirish”, – dedi MOQ rahbari.

Tadbir davomida BAA va Misr vakillaridan oʻzaro hamkorlik rivojini yangi bosqichga olib chiqish, erishilgan soʻnggi yutuqlar bilan oʻrtoqlashish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash boʻyicha taklif bildirildi. Shuningdek, qilichbozlik istiqboliga oid bir qator masalalar atroflicha muhokama etildi.

Yakunda mehmonlarga MOQning esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar poytaxtimizda qad rostlayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, u yerda qad rostlayotgan islom olamining eng yirik zamonaviy markazlaridan birida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishishdi.

Text to speech