Tokio-2020 qahramonlari “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlanishdi
Xabaringiz bor, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari qahramonlari yurtimizga qaytib kelishgach hurmatli Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi. Bugun ular Eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlanishdi. Tadbir MOQda boʻlib oʻtdi. Unda Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi Qoʻmita rahbariyati, sportchilarimiz va ularning murabbiylari, Bahodir Maxsitov boshchiligidagi sport faxriylari ham ishtirok etishdi.
Tadbirni MOQ rahbari ochib berdi va atletlarimizning Olimpiya oʻyinlarida qayd etgan gʻalabalarini yana bir bor yodga olib, barchani Mustaqillik bayrami bilan qutlab oʻtdi. Shundan soʻng Qoʻmita rahbariyati, sportchi va murabbiylarga esdalik nishonlarini berildi. Unga koʻra,
MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov;
Boks boʻyicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov va uning murabbiyi Toʻlqin Qilichev;
Ogʻir atletika boʻyicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni va rekordchisi Akbar Joʻrayev va uning murabbiyi Farhod Umrzoqov;
Taekvondo WT boʻyicha Tokio-2020 chempioni Ulugʻbek Rashitov va uning murabbiyi Pavel Xan;
Erkin kurash boʻyicha Tokio-2020 Olimpiadasi bronza medali sohibi Bekzod Abdurahmonov va uning murabbiyi Muzaffar Abdurahmonov;
Dzyudo boʻyicha Tokio-2020 Olimpiadasi bronza medali sohibi Davlat Bobonov va uning murabbiyi Nurali Qobulovga “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlari topshirildi.
Tadbir yakunida Bahodir Maxsitov ham soʻz olib, sport hukumatimiz tomonidan doimo eʼtibor markazida boʻlib kelayotgani, sportchi va murabbiylarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar xususida gapirib, taqdirlanganlarni faxriylar kengashi nomidan qutlab oʻtdi.