31 Avgust 2021 1928

Birinchi MDH oʻyinlariga tayyorgarlik avjida

4-11-sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida Mustaqil davlatlar Hamdoʻstligi vakillari oʻrtasida ilk bor sport oʻyinlari tashkil etiladi. Unda MDHga aʼzo 10 ta (Rossiya, Armaniston, Ozarbayjon, Moldova, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston) davlatdan jami 2 000 nafar ishtirokchi (shundan 1 500 nafari sportchi) ishtirok etishi kutilmoqda. Sportchilarning yoshi 14 dan 23 gacha boʻlishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

Birinchi MDH oʻyinlari dasturidan sportning 16 ta turi, yaʼni boks, stol tennisi, erkin va yunon-rum kurashi, belbogʻli kurash, koresh, sambo, dzyudo, muay-tay, karate, basketbol, oʻq otish, badminton, futbol, raqs sporti va badiiy gimnastika oʻrin olgan boʻlib, ishtirokchilar 182 ta medallar jamlanmasi uchun kurashadi. Bahslarni 400 nafar hakam boshqarib borsa, oʻyinlarning xavfsiz oʻtishini taʼminlash uchun 10 000 nafar volontyorlar jalb etilishi rejalashtirilgan.

Hozirda delegatsiyamizda qizgʻin tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu borada MOQda bir qator tashkiliy masalalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirni Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi. Unda, shuningdek, Turizm va sport vazirligi mutasaddilari, terma jamoa murabbiylari ishtirok etishdi.

Tadbirda Oybek Kasimov Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlaridagi tajribadan kelib chiqqan holda mazkur musobaqada delegatsiyamiz uchun Olimpiya shaharchasida ajratilgan hududni bezatish, olib boriladigan kerakli jihozlar, tashkiliy qoʻmita tomonidan joriy etilgan tartiblar haqida batafsil gapirib oʻtdi. Taʼkidlash joiz, bu musobaqa yosh sportchilarimiz uchun oldinda turgan Shantau-2021 yoshlar Osiyo oʻyinlari, Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari oldidan katta tajriba maktabi boʻlib xizmat qiladi.

Birinchi MDH davlatlari oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi tarkibi 240 nafarni tashkil qilib, vakillarimiz 15 ta sport turidan bahslarda ishtirok etadi. Sportchilarimizdan 55 nafarini yakkakurash turlari vakillari tashkil etadi.

Text to speech