30 Avgust 2021 1876

“Anhor.uz” saytining “Nega Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi jim turibdi” nomli maqolasiga rasmiy munosabat

29-avgust sanasida “anhor.uz” saytida “Nega Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi jim turibdi” nomli maqola chop etilib, unda Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlaridan oldin yuzaga kelgan vaziyat va uning yakunlari boʻyicha bir qator holatlarga oydinlik kiritish soʻralgan. Avvalo, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi yurtimizda Olimpiya harakati va sogʻlom turmush tarzi targʻibotidagi faolligi uchun “anhor.uz” saytiga minnatdorchilik bildiradi. Oʻz navbatida, ushbu saytda chop etilgan material yuzasidan rasmiy munosabatini eʼlon qiladi.

Jumladan, ushbu maqolada Olimpiada oldidan suzish boʻyicha litsenzion Oʻzbekiston ochiq chempionati va kubogi musobaqalarida yuz bergan vaziyat, Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimidan avval bayroqdorlik Oksana Chusovitinadan boshqa sportchiga berilishi, uning XOQ Atletlar komissiyasiga saylanmagani, Olimpiya oʻyinlarida qatnashgan federatsiyalarning ishtiroki boʻyicha tahliliy material eʼlon qilinmayotgani yuzasidan fikrlar bildirilgan.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi suzish boʻyicha mamlakatimizda oʻtgan litsenzion musobaqalar yuzasidan 18-iyul kuni rasmiy bayonot eʼlon qilgan edi (http://olympic.uz/oz/81444) va unda oʻz pozitsiyasini bildirib, Oʻzbekiston suzish federatsiyasi prezidiumidan federatsiya bosh kotibini oʻz lavozimidan vaqtincha chetlatilishini, Turizm va sport vazirligi, MOQ, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi va Oʻzbekiston suzish federatsiyasidan iborat maxsus ishchi guruh tuzilib, vaziyat chuqur oʻrganilishini talab qilgan. Bu boʻyicha ishchi guruh joriy yil sentyabr oyida vaziyatni tahlil qilib chiqadi.

Delegatsiyamiz Olimpiya oʻyinlaridan qaytib kelgach 19-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov jurnalistlarni qiziqtirgan savollar qatori bayroqdorlik mavzusiga ham batafsil javob berib oʻtgan.

Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari davomida XOQ 138-Sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda tashkilotning Atletlar komissiyasiga 4 nafar sportchi tanlab olindi. Maʼlum qilinganidek, unda 30 nafar nomzod qatorida hamyurtimiz Oksana Chusovitinaning ham nomi keltirib oʻtilgan edi. Ovoz berish jarayoni Olimpiya oʻyinlari davrida boʻlib oʻtdi. Unda xalqaro tashkilot shaffoflikni taʼminlash maqsadida hech qaysi delegatsiya vakillarini jarayonga aralashishlariga yoʻl qoʻymadi. Yakunda gʻolib chiqqan 4 nafar nomzodlar nomi eʼlon qilindi. Afsuski, hamyurtimiz mazkur komissiya aʼzoligiga saylanmadi.

Qayd etish joiz, koronavirus pandemiyasi sabab Tokio-2020 Olimpiadasi sikli 5 yilga choʻzildi. Unda ishtirok etgan sportchilarimizning chiqishi 7-sentyabrdan boshlab federatsiyalar kesimida tahliliy-tanqidiy koʻrib chiqiladi. Shuningdek, oʻtkaziladigan audit tekshiruvlariga xorijlik malakali va tajribali mutaxassislar ham jalb etiladi. Oʻrganish ishlari yakuniga yetgach natijalar rasman maʼlum qilinadi.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi barcha OAV, jurnalist va blogerlar bilan hamkorlikda ishlashga doimo tayyor ekanini va bundan mamnun boʻlishini bildiradi.

Text to speech