MOQ vakillari “Mustaqilligimizning 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlanishdi
Yaqinlashib kelayotgan istiqlolimizning 30 yillik bayrami munosabati bilan sport, ijtimoiy soha va OAV yo‘nalishidagi bir guruh mutasaddilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 maydagi Farmoniga asosan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlanishdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ mutasaddilari, O‘zMTRK raisi Alisher Xadjayev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari xalq artisti Yodgor Sa’diyev, shuningdek, madaniyat, sport va ijtimoiy soha vakillari, blogerlar ishtirok etishdi.
Aziz Abduhakimov taqdirlash marosimini ochib berar ekan yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 30 yilligi bilan barchani qutlab o‘tdi. O‘z o‘rnida Bosh vazir o‘rinbosari mamlakatimiz taraqqiyoti va rivoji yo‘lida samarali mehnat qilib kelayotgan bir qator mutasaddilarni taqdirladi. Ular orasida MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Qo‘mita rahbarining matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Zafar Imomxo‘jayev, MOQ qoshidagi RSTIAM direktori Abdushukur Sadikov, Qo‘mita departament direktori Begzod Ibragimov hamda Ijro nazorati va murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis Abdurashid Gafurovlar “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonini qabul qilib olishdi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi sport sohasiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligi, yaratib berilayotgan sharoitlar uchun Prezidentimizga Olimpiya oilasi nomidan chuqur minnatdorchilik izhor qiladi.