13 nafar sport fidoyilariga I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni topshirildi
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida uzoq yillar oʻz hayotini oʻzbek sportini rivojlantirishga sarf qilgan 13 nafar fidoyilarga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonlari topshirildi.
Tadbir “Nuroniy” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, “Nuroniy” jamgʻarmasi raisining oʻrinbosarlari Sharof Ubaydullayev va Shuhrat Usmonov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va bir guruh sport fidoyilari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida yigʻilganlarga Mustaqilligimizning 30 yillik shidoyonasiga atab yangi ishlangan hujjatli film namoyish etildi. Unda oʻtgan asr boshlaridan to shu paytgacha boʻlgan davrda diyorimizning sport sohasidagi asosiy yutuqlari tasvirlangan. Shundan soʻng Sharof Ubaydullayev soʻz olib tadbirning ahamiyati, har ikki tashkilotning hamkorligi xususida gapirib oʻtdi. Keyin umrining asosiy qismini yurtimiz sportiga baxshida etgan 13 nafar sport dargʻalariga I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni va MOQning esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir yakunida Rustam Shoabdurahmonov soʻz olib, Prezidentimizning sportga qaratayotgan ulkan eʼtibori, bugungi yutuqlarimizda faxriylarimizning tutgan oʻrni haqida toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlash joiz, mazkur koʻkrak nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yildagi PQ-3133 soni qaroriga binoan taʼsis etilgan. Uning orqa tomonida “Koʻp yillik halol mehnati uchun” yozuvini koʻrish mumkin. Ushbu koʻkrak nishoni 3 darajada taʼsis etilgan. Bugun sport faxriylari 1-darajadagi koʻkrak nishonlari bilan taqdirlanishdi.